Dizayner uchun rang tanlash bo’yicha maslahat

2016-07-03   2830

Dizayner uchun rang tanlash bo’yicha maslahat

Maqolada veb dizayn yoki reklama dizayni chizish uchun rang tanlash yo’llari haqida so’z yuritamiz. Ushbu mavzu nafaqat yosh dizaynerlar, balki professional dizaynerlar, grafik dizaynerlar, veb-masterlar uchun ham foydalidir.

Har qanday dizaynning asosini rang tashkil etadi. Dizaynerning har qanday jodiy ishi quyidagilardan iborat bo’ladi: 1) Rasm.  2) Tekst  3) Rang

Bularning ichida dizaynning ko’rkam bo’lishini hal qiluvchi narsa bu aynan rang hisoblanadi. Duch kelgan rangni tanlash ko’rimsiz dizaynga sabab bo’ladi. Rang tanlashda juda ehtiyot bo’lish kerak.

Aslida ranglar bilan ishlash haqida juda ko’p kitoblar yozilgan. Agar internetning qidiruv saytlaridan “Color theory” yoki “Color scheme” – deb qidirsangiz bu haqda juda ko’plab maqola va kitoblar borligini ko’rasiz. Ammo bularni chuqur o’rganish sizdan ko’p vaqt talab etadi. Qolaversa ularni hammasini siz amalda qo’llamaysiz. Shuning uchun sizga eng kerakli malumotlarni qisqacha keltirishga qaror qildik.

Ranglar nima ma’no beradi.

Tabiatga diqqat bilan etibor qilsangiz, undagi har bir rang nimadandir darak beradi. Tabiatni yaratgan Xudo undagi ranglarni juda munosib yaratgan. Masalan yashil rang insonni ruhan tinchlantiradi. Shuning uchun tabiatda asosan yashil rang ko’p takrorlanadi.  Qizil rang esa insonni hushyorlikka chaqiradi Yoki ogohlantiradi.   Shuning uchun jonzotlarning qoni qizil rangda. Tikonli  atirgullarning rangi ham qizil bo’lishi bejiz emas.

Ranglarni insonga ta’sirini o’rganish bilan nafaqat olimlar yoki rassomlar shug’ullangan. Balki psixologlar ham ranglarning insonga ta’sirini o’rganishgan.

 

Har bir rang qanday ma’no berishini birma bir sanaymiz:

QIZIL – Ogohlik, Jasurlik, issiqlik, G’azab

 KO’K – bilim, donolik, ulug’vorlik, yuksaklik, sovuqlik, muloqot

SARIQ -  xursandlik, do’stlik, ishonch, yordam

YASHIL -  tinchlik, xotirjamlik, o’sish, atrof muhit, hayot

JIGARRANG YOKI TO’Q SARIQ – issiqlik, sahovat, taom -ovqat, xavfsizlik, xursandchilik.

BINAFSHA -  Boylik, mo’jiza, cheksizlik, sifat,  ijod, go’zallik

QORA – Maxfiylik, og’irlik, kuch-quvvat

OQ – tozalik, oddiylik, yengillik, soflik, ochiqko’ngillik.

Demak ranglarning ma’nosini anglab oldik. Biror mavzuda ijod qilishda avvalo shu mavzuga mos rang tanlash kerak. Masalan: Meditsina mavzusida biror banner dizayni yoki sayt dizayni tayyorlamoqchi bo’lsangiz, u holda bunday dizaynga ko’proq ko’k va oq rang mos keladi. Sport mavzusiga esa ko’proq qizil va qora ranglar kombinatsiyasi  mos keladi. Chunki qizil rang bu qiziqqonlikni bildiradi, qora esa kuch quvvatni anglatadi. Lekin bu ranglarni ishlatishning o’z qoidasi bor. Ya’ni fon rangi matn rangi rasmlar rangi va  boshqalarni tanlashda ehtiyot bo’lish kerak.

 

Veb dizayni uchun rang palitrasini tayyorlash

Dizaynerlik xizmati bilan shug’ullanadigan kishilarning eng asosiy ish qurollari bu Photoshop, CorelDraw, Adobe Illustrator va boshqalardir. Bu dasturlarning qaysi birida ishlasangiz ham ularda ranglar palitrasi bor.

Duch kelgan rangni tanlash kerak emas. Avvalda o’zingiz ishlatadigan ranglar palitrasini tayyorlash kerak. Har bir rangga kerakli nom beriladi.

Fotoshop dasturida ranglar palitrasi “swatches” deb ataladi.

Ranglar palitrasida tez-tez ishlatiladigan ranglarni saqlab qo’yish lozim.

Savol tug’iladi, ranglar palitrasidagi ranglarni nimaga asoslab tanlaymiz? Javob oddiy,  Bu ranglarni tanlash uchun Dizaynda ishlatiladigan rasmga ayamiyat berish kerak. Tanlangan rasmda qaysi ranglar ko’p bo’lsa palitra ranglari ham shu asosida olinishi kerak.

 

Rang tanlash

Quyidagi rasmga etibor bering. Unda 3 xil rang ko’p ishlatilganini ko’rish mumkin. Demak boshqa ranglar ham shulardan olisnishi kerak. Ya’ni ranglar palitrasini ana shular tashkil qilishi kerak.

Shu rasm asosida dizayn tayyorlanadigan bo’lsak boshqa  elementlarning rangi ham shu rangdan olinadi.

 

Ranglar mutanosibligi

Hamma ranglar ham bir biri bilan mos kelavermaydi: Masalan to’q ko’k va to’q qizil ranglar mos kelmasligi mumkin uning o’rniga biroz ochroq rangni ishlatgan maqul: (Ranglar bir biridan farq qilishi kerak. Ya’ni biri och ikkinchisi to’qroq bo’lgani maqul)

Ranglar mutanosibligini tanlash ko’pincha ko’p vaqt va tajriba talab qiladi. SHuning uchun hozirda internet tarmog’ida tayyor rang kombinatsiyalarini olishingiz mumkin. Ya’ni bir biriga mos tushadigan ranglar kolleksiyasini topish mumkin.  Masalan: https://color.adobe.com/  sayti orqali ko’plab rang kombinatsiyalarini olish mumkin.

Munosib rang tanlash nafaqat reklama dizayniuchun balki saytlar dizayni uchun ham ko’p ahamiyatga ega. Masalan Quyidagi sayt  qizil va yashil ranglardan iborat. Qip qizil rang ba’zan yoqimsiz ko’rinish berishi mumkin. Bundan ehtiyot bo’lish kerak.

Endi esa yuqoridagi saytni rangini biroz o’zgartiramiz. Quyidagi saytda esa och rangdagi fon va matn rangari bir biriga munosibligi chiroyli ko’rim bermoqda

Yuqoridagi rasmlardan ma’lum bo’lmoqda-ki, ranglar  rasmni ko’rinishiga katta ta’sir ko’rsatadi.

 

Flat style ranglari

Oxirgi paytlar Veb dizaynda “Flat” – deb nomlangan dizayn uslubi mashhur bo’lgan. Flat style uchun ham maxsus ranglar bor.  Flat ranglari quyidagilardan iborat

 

Flat style dizayniga quyidagi sayt misol bo’ladi:

 

Xulosa qilib aytganda...

Shuni unutmangki, sifatli dizayn bo’lishi uchun xilma xil ranglarni kamroq ishlatish kerak. rang va elementlarni kamroq ishlatish dizaynni ko’proq jalb etuvchi qiladi Professional dizaynerlar Eng ko’pi bilan 3 xil rang ishlatadi.

  • Fon rangi (fon sifatida 2 xil rang ishlatish ham mumkin)
  • Elementlar yoki panel rangi (saytning asosiy rangi)
  • Signal beruvchi rang (knopka ranglari yoki etibor qaratuvchi elementlar)

Ko’p dizaynerlarning xatosi shundaki, ular dizaynga ko’ziga chiroyli ko’ringan elementlarni tartibsiz ravishda joylayveradi. Dizaynda elementlar (rasm, tekst, chizmalar) qancha ko’p bo’lsa u holda kishi  etiborini kam tortadi. Dizayn kishi e’tiborini tortishi uchun bitta element va ozgina matn kifoya qiladi. Aslida haqiqiy dizayn shunday bo’lishi kerakki , uni bir ko’rganda har qanday odam uchun tushunarli bo’lishi kerak.

Haqiqiy dizayner: “Yana nima qo’shsam ekan...” – deb emas. Balki “Yana nimani olib tashlasam ekan...” – deb fikrlashi kerak. 

Agar ko’proq rang ishlatish lozim bo’lsa u holda bir biridan ko’p farq qilmaydigan ranglar bo’lishi kerak. Masalan asosiy rang qizil bo’lsa. Shu qizilning biroz ochroq ko’rinishi yoki to’qroq ko’rinishi bo’lishi kerak.

Agar siz mahoratli dizayner bo’lish istagida bo’lsangiz, professional dizaynerlarning ishini kuzating. Turli tasviriy san’at ko’rgazmalari va san’at galereyalariga tashrif buyuring.  Internet orqali ham boshqa dizaynerlarning ishini tomosha qilish mumkin. Masalan: dribbble.com yoki behance.com saytlarida butun dunyoning turli tomonida ijod qilayotgan ijodkorlarni ishini kurzatishingiz mumkin.

Agar dizaynerlik xizmati ko’rsatsangiz, u holda ishni tezroq tugatishni emas balki sifatli qilishni o’yang. Agar biror boshqa dizaynerning ishidan ko’chirma olmoqchi bo’lsangiz uni aynan o’zini olmang, balki o’z ideangiz va fikrlaringizni ham ishlatib turli o’zgartirishlar kiriting. Eng muhimi o’z kasbingizga mehr qo’yib ishlang.

 

www.qalam.uz - grafika, veb dizayn va dasturlash bo'yicha hamkoringiz

- - -